"III Yosh psixiatr va narkologlarning bahorgi Samarqand maktabi" bo'lib o'tmoqda

Prezidentimizning tegishli Farmon va qarorlari ijrosi doirasida o'tkazilayotgan bu nufuzli anjuman Sog'liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Butunjahon psixiatrlar assosiasiyasi va yurtimizdagi qator tibbiyot oliy o'quv yurtlari hamkorligida tashkil etildi.Ruhiy salomatlik bo'yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo'lida muhim platforma bo'layotgan tadbirda Rossiya, Germaniya, Italiya, Shvesiya, Belarus, Qozog'iston, qirg'iz Respublikasi, Tojikiston va boshqa qator davlatlarning eng etakchi olimlari qatnashayotgani yosh mutaxassislar uchun ayni muddaodir.
Sog'liqni saqlash vaziri A. Xudayarov anjumanning ochilish marosimida ishtirok etdi va so'zga chiqdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda ruhiy salomatlik tibbiyotning eng istiqbolli va jadal rivojlanayotgan yo'nalishlaridan biridir. Shu tufayli bu borada mamlakatimizda katta ishlar qilinyapti. Natijada diagnostika yondashuvlari rivojlanmoqda, terapevtik imkoniyatlar oshmoqda hamda ruhiy salomatlikning ahamiyati haqida jamoatchilik tushunchasi kengayib boryapti.
Shuningdek, Prezidentimiz rahbarligida ruhiy salomatlik xizmatini isloh qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. "O'zbekiston – 2030" strategiyasida xalqimiz ruhiy salomatligi davlatning ustuvor vazifasi sifatida belgilangani ham bu boradagi pozisiyamiz qat'iy ekanini ko'rsatib turibdi.
Mazkur maktab orqali psixiatriya va narkologiya sohalaridagi bilim hamda ilg'or tajribalarni uyg'unlatirish uchun xalqaro platforma yaratish, sohaga oid zamonaviy tendentsiyalarni muhokama qilish, yosh mutaxassislar kasbiy va ilmiy rivojlanishini qo'llab-quvvatlash maqsadlari ko'zlangan.
Unda ruhiy salomatlik muhofazasi xizmatidagi islohotlar, birlamchi tibbiy yordam tizimida fanlararo yondashuvlar, shizofreniya va bipolyar affektiv buzilishda tashxis va davolash, raqamli texnologiyalar, sun'iy intellekt va noinvaziv muolaja usullari singari ko'plab dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, anjuman dasturidan plenar Majlis, master-klasslar, klinik tahlillar, seminar-treninglar, yosh olimlarning poster ma'ruzalari tanlovi o'rin olgan.
Ushbu loyiha mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan yo'nalishidagi aloqalarni mustahkamlash, psixiatriya va narkologiya sohalarida zamonaviy yondashuvlarni O'zbekiston hamda mintaqa klinik amaliyotiga joriy etishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.
"III Yosh psixiatr va narkologlarning bahorgi Samarqand maktabi" 12 aprelga qadar o'z ishini davom ettiradi.
SSV matbuot xizmatining Samarqanddan tayyorlangan shu haqdagi videolavhasi bilan yaqin vaqtlarda tanishasiz.
